Oʻzbekistonning janubida, Ipak yoʻlida joylashgan Shahrisabz tarixiy markazining yoshi 2000 yildan ortiq boʻlib, XIV-XV asrlarda Kesh viloyatining madaniy va siyosiy markazi boʻlgan.
Qoldiqlari hanuzgacha saqlanib qolgan o‘rta asr devorlari ichida nodir yodgorliklar va qadimiy turarjoylar majmuasini topish mumkin. Shahrisabz tarixiy markazi shaharning ko‘p asrlik taraqqiyoti va tarixi, ayniqsa, XV asrda Temuriylar saltanati davrida oʻzining yuksak cho‘qqisiga chiqqanidan dalolat beradi. Shahrisabzda turli davrlar mobaynida binolar qurilishi davom etib, turli meʼmoriy uslublarning oʻzgarishi tufayli ushbu maskanga oʻziga xos qiyofa baxsh etgan. Vaqtning shavqatsiz ta’siriga qaramay, saqlanib qolgan obidalar hamon uslublar uyg‘unligi va qudrati bilan hayratda qoldirib, Markaziy Osiyo va islom olami me’moriy merosini boyitib kelmoqda.
Oqsaroyning qurilishi 1380-yilda, yaʼni Temur Xorazmni zabt etganidan bir yil oʻtib boshlanib, bu yerda ishlagan hunarmandlar saroyda ishlash va uni hashamdor qilib bezatish uchun safarbar qilingan. Samarqand Temuriylar yodgorliklari bilan faxrlansa-da, ularning hech biri Shahrisabzdagi Oqsaroyga tenglasha olmaydi. Uning ulkan darvozasining poydevori saqlanib qolgan: bu me’moriy durdona asar o‘zining kattaligi va serhasham bezaklari bilan ajralib turadi.
Dorus-Saodat, bu hukmron oilani dafn etish uchun mo‘ljallangan hamda qabrlardan tashqari, namoz o‘qish uchun xona, masjid va dindorlar jamoasi va ziyoratchilar uchun turarjoy binolari mavjud bo‘lgan ulkan majmuadir. Bosh peshtoq oq marmar bilan qoplangan. Oq marmardan yasalgan Temur qabri ushbu davr me’morchiligining durdona asari boʻlib, Markaziy Osiyoda topilgan eng yaxshi yodgorliklardan biridir.
Chorsu yopiq bozori ikki asosiy koʻcha kesishgan joyda, markazida gumbaz bo‘lgan sakkizburchak koʻrinishida, bezaksiz, ammo muhtasham meʼmorchilikning tashqi taʼsirini hisobga olgan holda qurilgan. XV-asr hammomlari oʻrnida qayta qurilgan va hozir ham foydalanilayotgan hammomlar yer osti quvurlarining murakkab tarmogʻi orqali isitiladi.
Shahrisabzda nafaqat Temuriylar davrining noyob yodgorliklari, balki masjidlar, maqbaralar, to‘liq qadimiy uylardan iborat dahalar ham bor.
Ushbu yodgorliklardan tashqari, shaharda nisbatan zamonaviy davrga oid ko‘plab qiziqarli binolar, jumladan Mirhamid, Chubin, Qunduzor va Kunchibar masjidlari mavjud. Qadimgi uylar ancha mashhurroq me’moriy uslubni aks ettirib, xonalar odatda ayvonli ichki hovli atrofida joylashgan.
(iii) mezon: Shahrisabzda koʻplab goʻzal yodgorliklar, xususan, oʻrta asrlardagi Markaziy Osiyoda katta madaniy va siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan Temuriylar yodgorliklari mavjud.
(iv) mezon: Shahrisabzdagi binolar, xususan, Oqsaroy va Temur maqbarasi bu hudud meʼmorchiligiga chuqur taʼsir koʻrsatgan uslubning yorqin namunasidir.
Tarixiy shaharning O‘rta asrga oid barcha asl tarkibiy qismlari, shu jumladan, Temuriylar davrida qurilgan noyob me’moriy yodgorliklar va an‘anaviy uylar shahar devorlarining bir tekis joylashuvi bilan ajralib turadigan obyekt chegaralari ichida joylashgan.
Sobiq Sovet davridagi ba‘zi tartibsiz qurilmalarga qaramay, shaharning tarixiy shaharsozlik tuzilishi buzilmagan.
Yodgorliklarning jismoniy yaxlitligiga ta‘sir qiluvchi asosiy omil, bu yer osti suvlari sathining ko‘tarilishidir. Shu tufayli tarixiy hudud atrofida drenaj tizimini barpo etish talab qilinadi.
Shahrisabzdagi obida va inshootlar Temuriylar davri meʼmorchiligi va shaharsozligining rejalashtilirilganidan dalolat beradi.
Tarixiy markaz o‘z asl qiyofasini saqlab qolgan. Ko‘pgina binolar va naqqoshlik san’ati asarlari yaxshi saqlanib qolgan va o‘zining asl holatida bo‘lib, qayta tiklash ishlarida an’anaviy materiallar va usullardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.
1973-yilda Shahrisabz tarixiy markazi “Respublika ahamiyatiga molik yodgorlik” deb topildi. Shahar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1973-yildagi 339-sonli qarori bilan Tarixiy shaharlar roʻyxatiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlari obyekni yetarli darajada muhofaza qilishni ta’minlaydi va tarixiy markazdagi yangi shahar qurilishlarini tartibga soladi. Obyekt viloyat hokimliklari ishtirokida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish” hududiy boshqarmasi tasarrufidadir.
Toshkent davlat arxitektura-qurilish instituti tomonidan yiliga bir yoki ikki marta obidalar monitoringi amalga oshiriladi. Asosiy yodgorliklar yaxshi holatda bo‘lib, ijaraga berilgan binolardan keladigan daromad obyektni boshqarish uchun mablag‘ bilan ta’minlaydi. Shahar devorlarini qayta tiklash kabi loyihalar uchun davlatdan qo‘shimcha mablag‘ talab qilinadi.
Obyektni uzoq muddatli muhofaza qilishni ta’minlash uchun kompleks muhofaza qilish va boshqarish rejasini ishlab chiqish zarur.
Shahrisabzdagi Butunjahon merosi obyektlari tarixiy markazining chegaralari va bufer zonasi koʻrsatilgan rasman yangilangan xaritasi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Shahrisabzning tarixiy markazi markazi haqida hujjatlarni va batafsil ma’lumotni YUNESKOning Butunjahon merosi veb-saytida topishingiz mumkin.