Buxoro tarixiy markazi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, u ikki ming yoshdan oshgan. U X-XVII asrlarga oid me'moriy tuzilishi juda yaxshi saqlanib qolgan Markaziy Osiyodagi Islomiy shaharlarning eng yaxshi namunalaridan biridir.
Buxoro uzoq davrlardan boshlab Markaziy Osiyoning muhim iqtisodiy va madaniy markazi hisoblangan. Ko‘hna forsiy shahar ko‘p asrlar davomida Islom madaniyatining asosiy markazi sifatida xizmat qilgan va VIII asrda xalifatning muhim markaziga aylangan.
1220 yildagi Chingizxon boshliq mo‘g‘illar istilosi hamda 1370 yilda Amir Temur kelishidan oldingi ayrim muhim obidalardan tashqari, ushbu qadimiy shahar XVI asrning dastlabki yillaridan boshlab davom etgan Shayboniylar davrining o‘zbek xonlariga oid shaharlashtirish va me'morchilikdan guvohlik beradi.
Ko‘hna davrlardan saqlanib qolgan muhim inshootlar orasida Ismoil Somoniy maqbarasi bor. U X asr butun Musulmon dunyosiga tegishli noyob va nafis me'morchilik asari hisoblanadi. XI asrdan Qoraxoniylar davriga tegishli mashhur g‘ishtdan o‘rilgan shoh asar Poyi Kalon minorasi, Mag‘oki Attor masjidi va Chashmai Ayub mavzoleylari bilan bir qatorda turadi. Ulug‘bek madrasasi Temuriylardan qolgan yodgorlikdir. Shayboniylarning taxtga kelishi bilan Buxorodagi eng mashhur binolar paydo bo‘ladi: Poyi Kalon majmuasi, Labi hovuz ansambli, Qosh madrasasi va Xo‘ja Kalon ansamblidagi Gaukushon madrasasi. Buxoro tarixidagi bundan keyingi davrga oid binolar muhim chorrahalardagi monumental madrasalarni o‘z ichiga oladi: Toqi Sarrafon (pul almashtiruvchilar gumbazi), Toqi Telpak Furushon (bosh kiyim sotuvchilar gumbazi), Tim Bazzazon va Tiro Abdulloh Xon. XVII asrning boshlarida bu qatorga ajoyib binolar qo‘shiladi, jumladan yangi katta Mag‘oki Ko‘rpa masjidi (1637) va haybatli Abdulaziz Xon (1652) madrasasi.
Biroq haqiqatan ham Buxoroning muhimligi – bu yerdagi alohida binolarda emas, balki shaharning umumiy ko‘rinishidadir. Chunki bunda Shayboniylar sulolasi bilan boshlangan yuqori va mukammal darajadagi shaharsozlik va me'morchilik an'analarini kuzatish mumkin.
(i) mezon: Buxoroning shahar rejalashtirilishi va binolari namunasi Markiziy Osiyo xududining yaratilishii hamda rejalashtirilishiga juda katta ta'sir ko‘rsatgan.
(iv) mezon: Buxoro o‘rta asrlar Markaziy Osiyosi shaharlarining eng mukammal va buzilmagan namunasi bo‘lib, noyob shahar tuzilmasini saqlab qolishgan muvaffaq bo‘lgan.
(vi) mezon: IX va XVI asrlar orasida Buxoro yaqin Sharqda musulmon diniy ta'limotining, ayniqsa Tasavvufning eng katta markaziga aylangan va shaharda 200dan ko‘proq masjid va 100dan ortiq madrasalar mavjud bo‘lgan.
Ob'ekt mashhur umuminsoniy qadriyatlarni tashkil etuvchi barcha atributlarga ega. Uning tegralari va muhofaza hududi bunga mos va ma'quldir.
1920 yildan 1950 yillarga qadar bo‘lgan yangi qurilish va zilzila oqibatlariga qaramasdan Buxoro o‘zining tarixiy qiyofasini saqlab qoldi va shahar kattagina buzilmagan tarkibiy qismlarga ega. Biroq, obyektning yaxlitligi tuz va yer osti suvlarining ta‘siri, shuningdek, yog‘och konstruktsiyalarning yemirilishiga sabab bo‘ladigan termitlar xavfi ostida qolgan. Bundan tashqari, ba‘zi mavzelardagi ko‘plab nodir paxsa inshootlar qadimgi qurilish materiallarining yemirilishi tufayli buzilib ketish xavfi ostida qolgan
Buxoro Shayboniylar davriga oid shaharsozlik namunalarini saqlab qolgan. XX asrning ikkinchi yarmida barpo etilgan zamonaviy inshootlar shaharning tarixiy markazidagi ba'zi guzarlarning buzilishiga sabab bo‘lganligiga qaramasdan, o‘rta asr shahrining umumiy tuzilishiga deyarli putur yetkazilmagan. Eski tuzilmaning o‘zaro mutanosibligi, asosan mahalliy aholi xizmatida bo‘lgan diniy inshootlarda saqlanib qolgan. Shaharning tarixiy markazi mislsiz qiymatga ega hisoblanadi. Buning sababi Buxoro – o‘rta asrlar Markaziy Osiyosidan qolgan musulmon shahrining betakror namunasidir.
Buxoro tarixiy markazining yaxlitligi nazarda tutilganda – shaharsozlikning turli o‘ziga xosliklari (atributlari), shu jumladan shahar qurilishi, shakl va dizayn, foydalanilgan materiallar va texnikalar, funksiyalar va an'analar – ayrim omillar ob'ektlarning asliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi kuzatilishi mumkin, masalan: (i) an'anaviy materiallar va qurilish texnikasidan foydalanishning qisqarishi hamda yangi qurilish materiallari, shuningdek, yangi me'moriy detallarning ishlatilishi;(ii) asosiy binolarni va shahar tuzilishini nomuvofiq tarzda hujjatlashtirish; (iii) shahar rivojlanishining bosimi ostida yangi qurilishlarda noto‘g‘ri dizaynlarning joriy etilishi.
Butunjahon merosi ob'ektlariga oid tegishli milliy qonunlar va qoidalardan biri bu 2001 yili qabul qilingan "Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida"gi qonundir. Amaldagi qonunlar, hamda shaharsozlik kodekslari madaniy meros ob'ektlari va ularning bufer zonalarini muhofaza qilishni ta'minlaydi.
Mazkur hujjatlar Buxoro shahrining 2005 yildagi Bosh rejasida o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, 2010-yil 23-martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mahsus 49-sonli “2020 yilgacha Buxoroning madaniy meros obyektlarida tadqiqot, konservatsiya, restavratsiya va ularni zamonaviy foydalanish talablariga moslashtirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlagan. Hozirgi vaqtda ushbu davlat dasturi amalga oshirilmoqda, bu esa mulkni muhofaza qilish va saqlash uchun qo'shimcha vosita bo’lib xizmat qiladi.
Buxoro shahridagi madaniy meros obidalarini boshqarish respublika miqyosida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan, hamda viloyat miqyosida Buxoro viloyati Madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish inspeksiyasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010-2020 yillar avomida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan “Buxoro tarixiy markazining madaniy merosini tadqiq, konservatsiya, restavratsiya qilish va ularni zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Davlat dasturi qabul qilindi. Yodgorliklarning yaxlitligi va xarakterli elementlarini ta'minlash maqsadida barcha aralashuvlar qat'iy tartibga solinadi. Davlat dasturini amalga oshirish jarayonida obidalar monitoringi doimiy asosda amalga oshiriladi. Bebaho tarixiy qiymatni saqlab qolish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun kompyuterlashtirilgan ma'lumotlar bazasini, Saqlash va Rivojlantirishning Bosh Rejasini, ilmiy monitoring tizimini, infratuzilma rejasini, loyihalash bo'yicha ko'rsatmalarni hamda barcha turistik xizmatlar uchun ko'rsatmalarni va qoidalarni o'z ichiga olgan boshqaruv rejasini shakllantirish talab qilinadi. Yaxlitlik va haqqoniylik shartlariga mos kelish uchun keng qamrovli konservatsiya strategiyasini shakllantirish zarur. Ushbu strategiyada keyingi davrlarda qurilgan madaniy qatlamlarni olib tashlash va ko'chalar yuzasini ularning tarixiy darajasiga qisqartirish belgilanishi kerak. Yana bir muhim masala bu an'anaviy qurilish uslublaridan foydalainish salohiyatni oshirishdir. Ayni paytda Shaharsozlik ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti tomonidan Buxoroning tarixiy markazini batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu loyiha keltirilgan muammolarni hal etishga ko’maklashadi.
Buxorodagi Butunjahon merosi obyektlari tarixiy markazining chegaralari va bufer zonasi koʻrsatilgan rasman yangilangan xaritasi bilan bu yerda by yerda tanishishingiz mumkin.
Buxoroning tarixiy markazi haqida hujjatlarni va batafsil ma’lumotni YUNESKOning Butunjahon merosi veb-saytida topishingiz mumkin.